Maxfiylik siyosati
Vigilora mijoz ma’lumotlarini tenantlar bo‘yicha ajratadi, maxfiy credentiallarni shifrlaydi va faqat himoya xizmatini ko‘rsatish uchun zarur dalillarni qayta ishlaydi.
Ma’lumotlar operatori
Vigilora xizmatining yuridik operatori — “DARMS KOMPANIYA” MChJ, davlat ro‘yxat raqami 964768, STIR 308296608. Yuridik manzil: O‘zbekiston Respublikasi, Toshkent shahri, Uchtepa tumani, 4-tor Farmux ko‘chasi, 14-uy.
Qanday ma’lumotlar qayta ishlanadi
Hisob identifikatori, tashkilot profili, ulangan aktivlar, xavfsizlik telemetriyasi, skan natijalari, audit hodisalari va foydalanuvchi sozlagan xabar manzillari qayta ishlanishi mumkin. Parollar bir tomonlama scrypt hash bilan saqlanadi; connector credentiallari AES-GCM bilan shifrlanadi.
Maqsad va huquqiy asos
Ma’lumotlar faqat foydalanuvchi topshirig‘i asosida xavfni aniqlash, dalil yaratish, ogohlantirish, tasdiqlangan javob choralarini boshqarish va xizmat xavfsizligini saqlash uchun ishlatiladi. Mijoz boshqa shaxs yoki tizimni ruxsatsiz kuzatish uchun platformadan foydalana olmaydi.
Tenant izolyatsiyasi
Har bir tashkilot o‘z tenantiga ega. Dashboard so‘rovlari server tomonda a’zolik bilan tekshiriladi. Telegram chat, SMS raqam, agent tokeni va connectorlar boshqa tenantga qayta bog‘lanishdan himoyalangan.
Telegram Business pilotidagi xabarlar
Bu ixtiyoriy pilot faqat tashkilot egasi Telegram Business sozlamasida botga ruxsat bergan chatlardagi yangi kiruvchi xabarlarni qayta ishlaydi. Vigilora matn va havolalarni xavf belgilarini topish uchun vaqtincha tahlil qiladi; barcha shaxsiy chatlarni o‘qimaydi va xabarni kelishidan oldin to‘xtatmaydi.
To‘liq xabar matni, xom havola va yuboruvchi identifikatori signal bazasida saqlanmaydi. Tashkilot egasi alohida rozilik bersa va tijoriy Google Web Risk API ulangan bo‘lsa, faqat to‘liq havola reputatsiya tekshiruvi uchun Google’ga yuboriladi; xabar matni yoki jo‘natuvchi identifikatori yuborilmaydi. Rozilik bekor qilinsa keyingi havolalar Google’ga yuborilmaydi. Reputatsiya ro‘yxatida topilmasligi havola xavfsizligini kafolatlamaydi.
Tashkilotga ajratilgan signalda havolalar soni, xavf darajasi, sabab kodlari, reputatsiya holati, ogohlantirish yetkazish holati, vaqt va qaytarib ochib bo‘lmaydigan identifikator izlari saqlanadi. Signal yozuvlari 30 kundan keyin rejali tozalanadi. Tashkilot egasi Vigilora kabinetida monitoringni to‘xtatishi va Telegram Business → Chatbots bo‘limida ruxsatni bekor qilishi mumkin; avvalgi signallarni muddatidan oldin o‘chirish so‘rovi uchun aloqa bo‘limiga murojaat qiladi.
Saqlash va o‘chirish
Operatsion loglar, dalillar va backup nusxalari xizmat va shartnoma siyosatiga muvofiq cheklangan muddat saqlanadi. Tashkilot egasi eksport yoki o‘chirish so‘rovini yuborishi mumkin; qonuniy audit majburiyati mavjud bo‘lsa, zarur yozuvlar alohida saqlanishi mumkin.
Uchinchi tomonlar
Foydalanuvchi ulagan Cloudflare, GitHub, VirusTotal, AbuseIPDB, Telegram yoki SMS provayderi o‘z shartlariga binoan ma’lumot qayta ishlaydi. Vigilora ulanmagan connectorni faol deb ko‘rsatmaydi va tijoriy foydalanish uchun tegishli provayder litsenziyasini talab qiladi.
Aloqa
Maxfiylik, eksport yoki o‘chirish bo‘yicha so‘rovlar tashkilot egasi kabineti orqali yoki +998 95 140 19 88 raqamiga murojaat qilish orqali yuboriladi. Korporativ shartnomada alohida DPA va ma’lumot saqlash muddati kelishiladi.